14:56 / 15.07.2015
3476

Pokistonlik Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzay Livanda suriyalik qochqinlar uchun maktab ochdi

Pokistonlik huquq himoyachisi, 2014 yili tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgan Malala Yusufzay Livanda suriyalik qochqinlar uchun maktab ochdi. Daily Mail nashrining yozishicha, pokistonlik pushtun qiz Livanda ayni paytda voyaga yetganini ham nishonladi.
“Men bekorga Beka' vodiysidagi qochqinlar lagerini tanlamadim. Men tug‘ilgan kunimni suriyalik opalarim va singillarim ichida kutib olmoqchi edim. Men ularning qismatini yengillashtirishga harakat qilaman”, – dedi Yusufzay maktabning ochilish marosimida.
Yusufzayning so‘zlariga qaraganda, u o‘z safarini “qurolli ixtiloflar tufayli maktabga bora olmaydigan 28 mln bolalar oldidagi burch” tufayli amalga oshirgan.
“Livandan turib barcha davlatlar yetakchilari va hukumatlari xabar yo‘llamoqchiman: mablag‘ni o‘qlarga emas, kitob va darsliklarga ajrating”, – dedi huquq himoyachisi.
Malalani Bayrutga Kayyoniy jamg‘armasi taklif qildi. Tashkilotni tog‘li druzlar jamoasi yetakchisi Valid Jumblatning rafiqasi Nura Jumblat boshqaradi. Jamg‘arma Livanda turgan yarim million suriyalik qochqin bolalarga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda.

Top