08:44 / 17.07.2015
2256

Qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatida shpaga yo‘nalishida shaxsiy hisobda musobaqalar yakunlandi

Moskva shahri (Rossiya)da qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan Jahon chempionatida shpaga bo‘yicha shaxsiy hisobdagi musobaqalar yakuniga yetib, g‘olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilgan.

Erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada jami 205 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurashga kirishdi. Mazkur musobaqada ishtirok etgan hamyurtlarimiz Oleg Sokolov 24-o‘rinni, Ruslan Kudayev 27-o‘rinni, Roman Aleksandrov 138-o‘rinni va nihoyat Aleksey Tishko 156-o‘rinni egallashdi.

Ushbu musobaqada g‘oliblik Geza Imre (Vengriya)ga nasib etdi. O‘ta murosasiz ruxda o‘tgan hal qiluvchi final bahsida fransiyalik Gote Grumeni 15:14 hisobida mag‘lub etgan Geza Imre jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bronza medallarga Chjun Sun Xva (J.Koreya) va Patrik Yorgensen (Daniya) sazovor bo‘ldilar.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqada birinchi o‘rinni Rosella Fyamingo (Italiya) egalladi. Italiyalik sportchi finalda shvetsiyalik Emma Samuelssondan 15:5 hisobida ustun keldi. Ushbu musobaqada uchinchi o‘rinni Sarra Besbes (Tunis) va Syu Antsi (Xitoy) egalladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur jahon chempionatida 2016 yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining litsenziyalari ham o‘ynaladi (ayollar o‘rtasidagi jamoaviy rapira hamda erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy shamshir bo‘yicha musobaqalaridan tashqari

Ma'lumot uchun, xalqaro qilichbozlik federatsiyasi shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli musobaqada dunyoning 108 davlatidan kelgan 912 nafar sportchi shpaga, rapira va shamshir bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan shaxsiy hamda jamoaviy bahslarda 12 komplekt medallar uchun kurash olib borishmoqda. Jahon chempionati bahslari 19 iyulga qadar davom etadi.

Top