14:40 / 17.07.2015
3093

Vazirlar Mahkamasi majlisida noqulay ob-havoning g‘o‘za hosiliga salbiy ta'sirini kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi

2015 yil 16 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Majlisda g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi yakunlarini tanqidiy tahlil qilishga va ob-havo sharoitlarining g‘o‘za hosiliga salbiy ta'sirining oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ishlab chiqishga, shuningdek, g‘o‘zani parvarish qilish bo‘yicha kompleks agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazishga jiddiy e'tibor qaratildi.

Agrar sektorni yanada rivojlantirish va modernizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi 6,5 foizga o‘sganligi qayd etildi. Mo‘l g‘alla yetishtirildi va don yig‘ishtirib olindi.

Joriy yilning nihoyatda noqulay ob-havo sharoitlarini hisobga olgan holda, majlis qatnashchilarining e'tibori ob-havo sharoitlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga, eng avvalo, g‘o‘zaga salbiy ta'sirini kamaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining va ijtimoiy soha obektlarining uzluksiz ishlashini ta'minlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligiga qaratildi.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari rahbarlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘z vaqtida sug‘orishni ta'minlash, g‘o‘zalarni zararkunandalardan integratsiyalashtirilgan holda samarali himoya qilishni tashkil etish, shuningdek, agrotexnika va irrigatsiya-melioratsiya tadbirlarini o‘tkazish uchun yonilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.


Top