15:55 / 18.07.2015
10578

Toshkentning barcha masjidlarida hayit namozlari o‘qildi

O‘zbekistonning barcha hududlarida bugun ertalab hayit namozlari ado etildi. Namozlar barcha yirik masjidlarida o‘tkazildi. Shu jumladan, Toshkentning barcha jome masjidlarida minglab odamlar ushbu amalni bajarish uchun to‘plandi.

“Poytaxtimizdagi Minor masjidi erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Prezidentimiz g‘oyasi bilan milliy me'morlik an'analari asosida barpo etilgan ushbu muazzam masjidning ichki va tashqi ko‘rinishida, bahavo ayvonlari, milliy o‘ymakorlik uslubida ishlangan ustunlari, bino qubbasida ziynatlangan naqshlarda xalqimizning pok qalbi, olijanob orzu-intilishlari, ezgu niyatlari mujassam”, – deb yozadi “O‘zbekiston” agentligi muxbiri.

Toshkentning boshqa yirik masjidlarida ham, jumladan, Hoja Ahror Vali, Hazrat Imom masjidlarida hayit namozlari ado etildi. Ushbu tadbirlardan fotoreportajlar internet nashrlarda va ijtimoiy tarmoqlarda chop etildi.
O‘zbekistonda ushbu xayru saxovat, mehr-oqibat, shukronalik ayyomini bayramona kayfiyatda kutib olish va o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi. Bayram munosabati bilan mamlakatning barcha hududlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda ko‘cha va xiyobonlar obodonlashtirilib, muqaddas qadamjolar, qabristonlar tartibga keltirildi.

“Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, ko‘plab jamoat tashkilotlari hamkorligida Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga homiylik yordamlari ko‘rsatildi. Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan oilalar, nogironlar, bemorlar holidan xabar olinib, ular moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlandi.

Top