15:59 / 19.07.2015
3340

Bishkekda o‘ldirilgan Qozog‘istonlik ekstremistlar mamlakatni noqonuniy tark etgani aytildi

Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi aksilterror markazi Bishkekda ikki nafar Qozog‘iston fuqarosining o‘ldirilgani haqidagi xabarni sharhlab o‘tdi.
“Milliy xavfsizlik qo‘mitasiga bu shaxslar – Abxin Albert va Amirov Jonbo‘lat yaxshi ma'lum. Ikkalasi ham G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida istiqomat qilgan. Ular radikal targ‘ibot ta'siri ostida mamlakatni tark etib, Iroq va Suriyadagi ixtilofda ishtirok etish uchun yo‘lga chiqishgan”, – deyiladi xabarnomada.
Aytilishicha, 2014 yilning mayida Abxin, avgustida Amirov Qirg‘iziston hududiga noqonuniy o‘tgan.
2014 yilning yozida ular Qirg‘iziston maxsus qismlari tomonidan qo‘lga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan. Abxin 4 yilga, Amirov 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
2015 yil mayida ular qamoqdan qochib ketgan. Qozog‘istonning yordami bilan Qirg‘iziston kuchlari ularni topgan. Ammo ular qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatganligi tufayli yo‘q qilingan.
Shuningdek, milliy xavfsizlik qo‘mitasi bu ikki shaxs Qozog‘iston hududida terrorchi guruh tashkil qilgani haqidagi axborot haqiqatga mos kelmasligini ma'lum qildi.

Top