13:33 / 20.07.2015
15016

Britaniya matbuoti: Putinning milliardlab dollari bormi?

Times gazetasi rossiyalik biznesmen Maks Fridzonning prezident Vladimir Putinga qo‘ygan ayblovlarini sharhlab o‘tdi. Uning aytishicha, Putin Sankt-Peterburg hokimining o‘rinbosari bo‘lgan paytda neft kompaniyasining 4 foiziga ega bo‘lgan.
Fridzon hozirlikda “LUKOyl” va “Gazprom” bilan sudlashmoqda. Biznesmenning ta'kidlashicha, u 1995 yilda asos solgan Sovex kompaniyasidagi ulushidan qalloblik yo‘li bilan judo qilingan. Kompaniya “Pulkovo” aeroportiga yoqilg‘i yetkazib berish huquqini qo‘lga kiritgan.
Gazetada yozilishicha, Putinga qarshi qaratilgan bu ayblovlar Nyu-York sudiga Fridzon tomonidan topshirilgan da'vo arizasida aks etmagan.
Times gazetasida e'tirof etilishicha, AQSh Putinning 90-yillarda o‘z sheriklari bilan mana shunday yo‘llar bilan katta boylikka ega bo‘lgani borasida isbot-dalil to‘plagan. Endilikda, agar Putin Ukrainada tinchlik o‘rnatishga to‘sqinlik qilsa, u va uning atrofidagilarga nisbatan sanksiyalar yanada kuchaytiriladi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov gazetaga bergan intervyusida bu ma'lumotlarning haqiqatga mos kelmasligini ta'kidladi. Shuningdek, u Fridzonning ayblovlarini inkor qildi.
Gazetada ta'kidlanishicha, Peskov unga berilgan 20ta savolga bir xilda “yolg‘on” yoki “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deb javob bergan. Bu savollarning bari Putinning noqonuniy yo‘llar bilan milliardlab dollar to‘plagani borasidagi mishmishlarga oid edi.

Top