20:40 / 22.07.2015
4150

AQShda tuxum qo‘yuvchi tovuqlarni ijaraga berish ommalashib ketdi

AQShning Pensilvaniya shtatida yashovchi er-xotin Jyenn va Fil Tompkins tuxum qo‘yuvchi tovuqlarni ijaraga berishni taklif qilmoqdalar va bu xizmat tuxum narxining ko‘tarilishi ortida ommalashib ketdi. Reuters axborot agentligining xabar berishicha, juftlik o‘z biznesini 2013 yilning boshida boshlagan. Ayni paytga kelib AQSh va Kanadadan 200 ga yaqin kishi Tompkinslarning mijozlari hisoblanadilar.

AQShda tuxum narxining ko‘tarilishi bilan RentTheChicken.com deb nomlangan bu loyihaga qiziqish ortib ketdi. Iyun oyida tuxum narxi parranda grippi epidemiyasi tufayli 85 foizga ko‘tarilib ketdi. Epidemiya davomida butun AQSh bo‘ylab millionlab tovuqlar yo‘q qilindi.

Tovuqning ijaraga berilishi mijozning yashash joyiga qarab 400 dollarga yaqinni tashkil qiladi. Tompkinslar ikkita tuxum qo‘yuvchi tovuq hamda unga qo‘shimcha ravishda tovuqxona va yo‘riqnomani yilning 4 issiq oyidan 6 oyigacha ijaraga beradilar. Odatda tovuqlar haftasiga 8-14 ta tuxum qo‘yadi. Ijara muddati oxirida mijozlar tovuqlarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.

Qayd etilishicha, AQShda oxirgi yillarda shunday xizmat turlari ko‘payib ketgan.

Top