08:12 / 22.07.2015
2012

Gretsiya futbol federatsiyasi terma jamoa bosh murabbiyining iste'fosini qabul qilmayapti

Gretsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Serxio Markaryan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi.

70 yoshli ushbu urugvaylik mutaxassis 2015 yilning 12 fevralida Gretsiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida tayinlangandi.

Uning rahbarligida 5 oy davomida greklar Yevro-2016 saralashi doirasida 2ta o‘yin o‘tkazishdi. Vengriya bilan o‘yinda 0:0 hisobida durang natija qayd etilgan bo‘lsa, Farer orollari terma jamoasiga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lindi. Saralash bosqichida F guruhidan joy olgan Gretsiya ayni vaqtda 6 turdan so‘ng 2 ochko bilan eng so‘nggi o‘rinni egallagan.

"Men Gretsiya terma jamoasini juda qiyin davrda boshqardim. Menga bunday mas'uliyatli vazifa ishonib topshirilgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Men ilk kundanoq chin dildan mehnat qildim, futbolchilar ham barcha aytganlarimni bajarishga harakat qilishdi.
Muxlislardan uzr so‘rayman. Ular bildirgan ishonchni oqlay olmadik, ko‘rsatgan natijalarimiz juda yomon bo‘ldi", deb bayonot berdi Markaryan.

Qayd etish joizki, Gretsiya futbol federatsiyasi hali uning iste'fosini qabul qilmadi.

Top