15:19 / 22.07.2015
5505

Toshkentda bastakor Solomon Yudakovning noma'lum maktubi topildi

1950-yillarda yosh musiqashunos A. H. Jabborov unga maktub yo‘llab, mashhur “Mirzacho‘l” syuitasi masalasida bir qancha savollar bilan ustoz san'atkorga murojaat qilgan edi. Yudakov, o‘z navbatida, unga batafsil javob yo‘lladi. Shundan so‘ng ikki bastakor uzoq yillar mobaynida do‘st bo‘lib qolishdi.
O‘zbekiston bastakorlar uyushmasini boshqarib kelgan Jabborov bu maktubni nodir tarixiy yodnoma sifatida asrab kelgani ma'lum bo‘ldi. Bundan xabar topgan Kultura.uz sayti muxbirlari Jabborov bilan suhbat uyushtirishdi.
“O‘sha paytlar men Namangandagi musiqa o‘quv yurtida ta'lim olardim, – eslaydi bastakor. – Diplom ishimning mavzusi sifatida G‘afur G‘ulom she'riga yozilgan syuita-kantatani tanlagan edim. Men Toshkentga kelib, bu ajoyib san'at asarini stadionda, xor va orkestr ijrosida eshitgan edim. Bundan ilhomlanib, men muallifga maktub orqali bir qancha savollar bilan murojaat qilishga qaror qildim. Bu qarorim pedagogimga ham ma'qul keldi. 1952 yil edi. Yudakov barcha savollarga javob berdi, meni qiziqtirgan jihatlarga e'tibor qaratdi, va men o‘z ishimda bundan foydalandim. Shu bois men maktubni asrab kelmoqdaman”.

Top