21:43 / 23.07.2015
2681

Jizzax viloyatida 2015 yilning birinchi yarmida 35,7 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi

Jizzaxda 2015 yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishida shu va boshqa sohalarda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Jizzax viloyati hokimi S.Ismoilov boshqargan yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Jizzax viloyatida joriy yilning o‘tgan olti oyida sanoat sohasida 94 yangi loyiha amalga oshirildi. Natijada qo‘shimcha 46 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatda avtomashina tormoz kolodkalari, tikuv mashinalari, polipropilen quvur va fitinglar, vintel, aksessuar kabi 12 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Yig‘ilishda hisobot davrida barcha sohalarda o‘sish kuzatilgani ta'kidlandi. Yilning o‘tgan davrida ishlab chiqarilgan 525,9 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlarining 37 foizi hududiy korxonalar ulushiga to‘g‘ri keldi.

Mahalliylashtirish dasturi asosida 28,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2,1 million dollar valyuta iqtisod qilindi. Hududiy korxonalar tomonidan hisobot davrida 35,7 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Hisobot davrida bandlik dasturi doirasida 24 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Ish o‘rinlarining 77,5 foizi qishloq joylarda barpo etildi.

“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 85 milliard so‘mlik mablag‘ sarflanib, yoshi ulug‘ insonlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, zarur qulayliklar yaratish bo‘yicha belgilangan tadbirlar amalga oshirildi.

Kichik biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash natijasida 690 yangi tadbirkorlik sub'yekti tashkil etilib, ularning umumiy soni 9 ming 26 taga yetdi. Tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga 192 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajaratildi. Natijada 20 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Kichik biznesning viloyat hududiy mahsulotidagi ulushi 63,2 foizni, aholi bandligida 80,3 foizni tashkil etdi.

Top