19:40 / 23.07.2015
2954

O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasi va Jahon banki vakolatxonasi o‘rtasida Yo‘l xaritasi bitimi imzolandi

Joriy yilning 22 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida qo‘mita raisi Davron Hidoyatovning Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Jung Xun Cho va Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zafar Hoshimov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Davlat raqobat qo‘mitasi va uning tarkibiy tuzilma tashkilotlari raxbarlari va mas'ul xodimlari, Jahon Banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Joriy yilning 5 mart kuni davlat korxonalarini boshqarish tizimini isloh etish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan “davra suhbati”, shuningdek Davlat raqobat qo‘mitasi rahbariyatini Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Jung Xun Cho va Jahon Banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasining boshqa ekspertlari bilan o‘tkazilgan qator uchrashuvlarda korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishda borasida birgalikda olib boriladigan ishlarni tashkil etish bo‘yicha harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi) tayyorlangan edi.

Shuningdek, bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Jahon bankining texnik qo‘llab-quvvatlash dasturi va yuqoridagi masalalar bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi – “Yo‘l xaritasi” loyihasi muhokama qilingan. Ushbu muhokamalar chog‘ida asosiy e'tibor aksiyadorlik jamiyatlari yillik moliyaviy hisobotni nashr etishi va xalqaro audit standartlari hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tashqi auditni o‘tkazishiga qaratildi.

Bugungi kunda Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyati samaradorligini oshirish, ularning salohiyatli investorlarga ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, aksiyadorlarning korxonalarni boshqaruvidagi rolini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada yetakchi xorijiy davlatlarning ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv xodimlarining professional darajalarini oshirish, ushbu jarayonlarga yuqori malakali menejyerlarni taklif qilish ishlari juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shuni ta'kidlash joizki, Davlat raqobat qo‘mitasi va Jahon banki o‘rtasida olib borilayotgan o‘zaro hamkorlik doirasida Toshkent shahrida korporativ boshqaruv ilmiy-ta'lim markazini qo‘llab-quvvatlash dolzarb masalalar qatoriga kirgan.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida korporativ boshqaruvni takomillashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish sohasida olib boriladigan birgalikdagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi) imzolandi.

Top