11:23 / 24.07.2015
4968

Toshkent shahrida yana bir xiyobon ta'mirlanmoqda

Toshkent shahridagi Rahim Pirmuhammedov nomi bilan atalgan xiyobonda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda "Toshkentdan maktublar" nashrida yozilgan.

"Mana nihoyat bu xiyobonni chiqindilardan tozalashmoqda. Xiyobon o‘rab olinib, hududda kafe qurilmoqda. Odamlar bolalari bilan kelib, istirohat olishi uchun yana bir go‘sha tayyorlanmoqda. Afsuski hududdagi ko‘l yerga singib ketgan. Mutasaddilar fontan qurishi yoki suv bilan ta'minlashning boshqa yo‘lini topishlariga umid qilamiz", deb yozadi muallif.

Ta'kidlash joizki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrda qabul qilingan “2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida madaniyat va istirohat bog‘larini bosqichma-bosqich ta'mirlash, zamonaviy attraksionlar o‘rnatish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi doirasida o‘n beshta yangi madaniyat va istirohat bog‘i barpo etish, yigirma to‘qqiztasini rekonstruksiya qilish va ta'mirlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 2015 yil oxiriga qadar madaniyat va istirohat bog‘larining sonini 225 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Natijada sakkiz mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi va aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yanada kengayadi.

Top