07:20 / 24.07.2015
2453

UYeFA Yevro-2016 saralashida qatnashayotgan Xorvatiya terma jamoasidan bir ochko olib qo‘ydi

UYeFAning nazorat-intizom va axloq instansiyasi Yevro-2016 saralashida ishtirok etayotgan Xorvatiya terma jamoasini jazolash sifatida 1 ochkosidan mahrum etdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Bu jazo shu yilning 12 iyun kunida Xorvatiya va Italiya o‘rtasida Split shahrida o‘tkazilgan o‘yin (1:1) vaqtida mezbonlar muxlislari tomonidan fashistik ruhdagi harakat amalga oshirilgani holatiga nisbatan qo‘llangan. O‘shanda maydonga svastika tasviri chizib qo‘yilgan edi.

Shuningdek, Xorvatiya terma jamoasi UYeFA doirasidagi keyingi 2 uchrashuvini muxlislarsiz o‘yingohda o‘tkazadi va Italiyaga qarshi o‘yin o‘tkazilgan "Polyud" o‘yingohidan Yevro-2016 saralash bosqichi yakunlanguniga qadar foydalana olmaydi.

Bundan tashqari, Xorvatiya Futbol ittifoqi 100 ming yevro jarima to‘lashi belgilangan. 3 kun ichida shikoyat bilan murojaat qilish mumkinligi aytilgan.

Qayd etish joizki, bu mahrumiyatdan keyin ham xorvatlar "H" guruhida, guruh bosqichi yakunlanishiga 4 tur qolganida 13 ochko bilan peshqadamlik qilishmoqda. Bu jamoani 12 ochko to‘plagan Italiya terma jamoasi ta'qib etmoqda. Saralashning 7 tur o‘yinlari 3 sentabr kuni boshlanadi. Shu kuni Xorvatiya Ozarboyjonga safar qilsa, Italiya o‘z uyida Maltani qabul qiladi.

Top