22:56 / 25.07.2015
4737

Qozog‘istonda bir yil davomida kelinlar uchun to‘langan umumiy qalim puli kamida 27 mln dollarni tashkil qildi

Hozirgi kunlarda Qozog‘istonda kelinlarga beriladigan qalim pulini berish majburiy hisoblanmaydi, biroq turmush qurishda maqbul shart hisoblanadi. 2014 yilda Qozog‘istonda kuyovlar qalim ko‘rinishida kamida 5 mlrd tenge (27 mln dollar) berishgan. Ushbu hisob-kitoblarni National Business internet-portali olib bordi.

Portal ma'lumotlariga ko‘ra, uncha boy bo‘lmagan oilalar kelin uchun 250-500 dollar qalim puli to‘lashadi. O‘rtamiyona oilalar ming dollardan 3 ming dollargacha, o‘ziga to‘q qozoqlar esa qalim uchun 5 ming dollar va undan ko‘proq pul berishga qurblari yetadi. Qalim puli miqdori kelinning ma'lumoti, uning uquvlari hamda yashash joyiga bog‘liq bo‘ladi. Qalimdan tashqari, yana bir bosh chorva berish kabi udum ham mavjud.

Internet-portal yuqoridagi miqdorni olishda shunday xulosalar bo‘yicha hisobni amalga oshirdi: Qozog‘istonning 65 foizi qozoqlardan iborat, 2014 yilda ular tomonidan 103 563 ta to‘y o‘tkazildi. Eng kam qalim puli 50 ming tenge (250 dollar) qilib olinganda ham, bir yillik qalim puli 5 mlrd tengedan ko‘proqni tashkil qilgan.

Shu bilan birga mutaxassislarning fikricha, aslida bu miqdor deyarli 3 barobar ko‘proqni tashkil qiladi, chunki kelinlarga ko‘p hollarda ming dollardan kam bo‘lmagan qalim puli beriladi.

Top