09:39 / 26.07.2015
2406

KONKAKAF kubogi: Panama barcha olti o‘yinda 1:1 o‘ynab, bronza medaliga ega bo‘ldi

AQSh va Kanada mamlakatlari mezbonlik qilgan KONKAKAF kubogida Panama terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Panamaliklar musobaqa davomida oltita o‘yin o‘tkazishdi va barcha o‘yinlarda bir xil — 1:1 hisobi (o‘yinning asosiy vaqtida) qayd etildi. Panama guruh bosqichida Gaiti, Gonduras va AQSh bilan durang o‘ynadi. Barchasi — 1:1. Ular guruhdan 3-o‘rin bilan chorak finalga chiqishdi.

Chorak finalda Trinidad va Tobago bilan o‘tkazilgan o‘yinning asosiy vaqtida ham aynan 1:1 hisobi qayd etildi va bu hisob qo‘shimcha bo‘limlarda ham o‘zgarmadi. Penaltilar seriyasida esa tomonlar 9 martadan zarbani amalga oshirishdi hamda Panama 6:5 hisobida ustun keldi.

Panama yarim finalda Meksikani asosiy vaqtda mag‘lub etishi mumkin edi, ammo ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda hakam noto‘g‘ri penalti qo‘yishi natijasida hisob tenglashdi — 1:1. Meksikaliklar qo‘shimcha bo‘limlarda gol urib, finalga yo‘l olishdi.

26 iyul bo‘lib o‘tgan 3-o‘rin uchun bahsda panamaliklar yana AQSh bilan to‘qnash kelishdi. Bu safar ham o‘yinning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlarida 1:1 hisobi qayd etildi, penaltilar seriyasida esa Panamaning qo‘li baland keldi — 3:2.

Shu tariqa, Panama terma jamoasi o‘ziga xos uslubda qit'a chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

KONKAKAF kubogi
3-o‘rin uchun bahs
AQShPanama 1:1 (0:0, 1:1, 0:0, 0:0), penaltilar seriyasi - 2:3
Gollar: 0:1 – 55 Nurse, 1:1 – 70 Dempsi.
AQSh – Gyuzan, Bruks, Rim, Gonsales (Bizli, 90), Jonson, Zusi (Yyedlin, 60), Korona, Bredli, Chendler, Yuxannsson, Vondolovski (Dempsi, 60).
Panama – Mexiya, Kammingz, Torres, Devis, Machado, Kamargo (Stivens, 46; Pinson, 90), Kuper, Godoy, Kintero, Nurse, Blekbern (Arroyo, 88).
Ogohlantirishlar: Jonson (30), Kuper (87), Chendler (97), Godoy (99), Yyedlin (99), Torres (115).

Top