11:51 / 27.07.2015
8800

Jismoniy tarbiya instituti murabbiyi 8 ming dollar pora olgani uchun qo‘lga tushdi

Abituriyentni pora evaziga intsitutga qabul qilishga harakat qilgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda "Na Postu" nashrida yozilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Sardor ismli yigit institutga kirish imtihonlaridan o‘ta olmaganidan keyin ham, qo‘shimcha o‘rinlar ochilishiga umid qilgan holda o‘z hujjatlarini qaytarib olmasdan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining Yashnabod tumanidagi internat-maktabida futbol bilan shug‘ullanishda davom etgan.

Kunlardan bir kuni Sardorning do‘sti Shavkat uni bu borada yordami tegishi mumkin bo‘lgan odam hisoblangan institut murabbiylaridan biri bilan tanishtirib qo‘ygan. Sardor va Shavkatning ota-onalari bu murabbiyga o‘z farzandlarining qo‘shimcha o‘rin asosida o‘qishga kirishlarini ta'minlashi uchun 8 ming dollar berishgan.

Murabbiy bolalarning o‘qishga kirgani to‘g‘risida qalbaki hujjatlar tayyorlab, shartnomani to‘lash uchun kvitansiya bergan. Unda murabbiyga tegishli «Xush kelibsiz» firmasining hisob raqami ko‘rsatilgan bo‘lgan. U olingan pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Bolalar esa o‘qishga kirishmagan.

Firibgar bilan bog‘lanishning ilojini topa olishmagach, ota-onalar militsiyaga murojaat qilishgan.
Ayni vaqtda murabbiy huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan va pullar qaytarilgan.

Top