10:48 / 28.07.2015
4205

Shvetsiya sohillari yaqinida Birinchi jahon urushi paytidagi rus suv osti kemasi topildi

Shvetsiyaning Ocean X-team kompaniyasi g‘avvoslari Shvetsiya qirolligining hududiy suvlarida dengiz ostida kichik o‘lchamdagi rus suv osti kemasini topishdi. Suv osti kemasi Shvetsiya sohili yaqinida, Boltiq dengizi tubida aniqlandi. Kemaning uzunligi 20 metr, eni 3 metrni tashkil qiladi.

Kema masofadan boshqariluvchi suvosti qurilmasi yordamida aniqlangan. Xususan, qurilma yordamida olingan suratlardan birida inqilobgacha rus tili imlosida undosh so‘zlar oxirida ishlatilgan ayirish belgisini ko‘rish mumkin.

“Hozircha, kema necha yillik ekani va suv ostida qancha yotgani noma'lum, biroq uning korpusidagi rus harflari uning Rossiyaga tegishli ekaniga ishora qilmoqda”, deb aytilmoqda kompaniya bergan matbuot bayonotida.

Harbiy mutaxassislar topilgan mini suv osti kemasi Birinchi jahon urushida yo‘qolib qolgan “Som” rus kemasi ekanligini taxmin qilishmoqda.

Suv osti kemasi o‘ziga xos gumbazi bilan shu tipdagi kemalarni eslatib yuboradi. Shuningdek, kemaning topilgan joyi rus kemasining halokatga uchragan joyiga yaqin joylashgan.

Rossiyaga tegishli “Som” kemasi AQShda 1901 yilda yasalgan. Kema 1916 yilning 10 mayida Olandsgaf tumanida patrul xizmatini o‘tayotgan paytida Shvetsiyaning “Ingermanland” paroxodi bilan to‘qnashib ketganidan keyin suv ostiga g‘arq bo‘lgan. Kema ekipaji 18 kishidan iborat bo‘lgan.

Top