21:22 / 29.07.2015
7638

Islom Karimov Oqsaroyda Isuzu Motors kompaniyasi rahbarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 29 iyul kuni Oqsaroyda «Isuzu Motors Ltd.» kompaniyasi raisi Susumi Xosoini qabul qildi.

Islom Karimov O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida turli sohalarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini ta'kidladi. Yaponiyaning yuqori texnologiyali yetakchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlari izchil kengayib bormoqda.

Biroz oldinroq, Toshkentda «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasi va «Isuzu Motors Ltd.» o‘rtasida Yaponiyaning ushbu kompaniyasi «SamAvto» mas'uliyati cheklangan jamiyati ta'sischilari tarkibiga kirishi to‘g‘risida bitim imzolangani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur bitim «O‘zavtosanoat» va «Isuzu Motors Ltd.» kompaniyalari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Tomonlar «SamAvto» mas'uliyati cheklangan jamiyatini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish, ishlab chiqarilayotgan mashinalar turini yangilash va ko‘paytirish, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish, Yaponiyaning ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini yanada keng joriy etishga kelishib oldi.

Ma'lumot uchun, «O‘zavtosanoat» va «Isuzu Motors Ltd.» o‘rtasidagi hamkorlik 2007 yilda yo‘lga qo‘yilgan. Yaponiyaning mazkur kompaniyasi o‘sha yili «SamAvto» mas'uliyati cheklangan jamiyatining texnologik sherigi sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtobuslar, o‘rta og‘irlikdagi yuk mashinalari va boshqa texnikalar uchun shassi va dvigatellar yetkazib berishni boshladi. O‘tgan vaqt davomida «Isuzu Motors Ltd.» agregatlari bazasida 10,2 ming avtobus va 11,5 ming yuk mashinalari, jumladan, 2014 yilda 1,2 ming avtobus va 2,6 ming yuk mashinasi ishlab chiqarildi. Tabiiy gazda ishlaydigan yuk mashinalarining yangi modellarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani hamkorlikni rivojlantirishning muhim bosqichini tashkil etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari va o‘zaro manfaatli boshqa masalalar muhokama etildi.

Top