01:13 / 29.07.2015
3528

O‘zbekistonda 2015 yilning birinchi yarmida 18 trln so‘m investitsiya o‘zlashtirildi

O‘zbekistonda 2015 yilning birinchi yarmida 18 trln so‘m investitsiya o‘zlashtirildi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi shu davrdagi ko‘rsatkichga nisbatan 9,8 foiz ko‘proqni tashkil qilgan. Bu raqamlar O‘zA agentligi tomonidan tarqatilgan Moliya vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasining hisobotida aks etgan.

Umumiy investitsiyalardan 1,5 mlrd dollari yoki 21,3 foizini xorijiy investitsiyalar va kreditlar (11 foiz o‘sish), shu jumladan 1,2 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (+10,9 foiz) tashkil qilgan.

Iqtisodiyotning strategik sohalarida yirik investitsion loyihalarni amalga oshirishda o‘zlashtirilgan O‘zbekiston rekonstrutsiya va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hajmi 5,6 foizga, ya'ni 225 mln dollargacha o‘sgan.

Yarim yillik ichida o‘zlashtirilgan investitsiyalarning eng katta hajmi xo‘jalik sub'yektlarining o‘z mablag‘lariga (32,3 foiz) to‘g‘ri keldi, ular o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31,8 foizga oshgan.

Investitsion dastur doirasida 160,9 mln dollarlik 63 ta loyihani amalga oshirish o‘z nihoyasiga yetdi. Maxsus industrial hududlarda 16,1 mln dollarlik 5 ta loyiha amalga oshirildi.

Top