18:27 / 01.08.2015
8025

Bugun O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlarida test sinovlari bo‘lib o‘tdi

“O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalar qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida bu yilgi test sinovlarida abituriyentlarga yangi ko‘rinishdagi javoblar varaqasi tarqatildi.

Shu paytga qadar ishlatib kelingan javoblar varaqasini to‘ldirish, abituriyentlar tomonidan kodlarni xato bo‘yash, javoblarni bo‘yashda fan bloklari va javoblar raqamlarini almashtirib qo‘yish holatlari ko‘p uchrar edi. Shu bois bu yil javoblar varaqasida avval mavjud bo‘lgan “Oliy ta'lim muassasasi kodi”, “Tanlov kodi” haqidagi ma'lumotlar chiqarib tashlanib, faqat “Maxsus kod”ni kiritish qoldirildi. Abituriyent haqidagi ma'lumotlarni kiritish va imzo o‘rni javob bo‘yaladigan doirachalar bilan bitta betga, ogohlantiruvchi yozuvlar esa ikkinchi betga joylashtirildi. Bu bilan yigit-qizlarni murakkab vaziyatlarga solib qo‘yadigan holatlarning oldi olindi, javoblar varaqasini rasmiylashtirishda kam vaqt sarflanishiga erishildi. 

Yana bir o‘zgarish javoblar varaqasida fan nomlari olib tashlanib, savollarga javoblar belgilanadigan doirachalar 1 dan 108 gacha bo‘lgan ketma-ket sonlar bilan raqamlanganidir. Ya'ni, uchta fandan test sinovi topshiradiganlarning birinchi fan savollari 1 dan 36 gacha, ikkinchi fan savollari 37 dan 72 gacha, uchinchi fan savollari 73 dan 108 gacha sonlar shaklida keltirildi. Bular javoblar varaqasi va savollar kitobidagi raqamlar birxilligini ta'minlab, abituriyentlarning test materiallari bilan ishlashini osonlashtirdi, fan bloklarini almashtirib bo‘yash kabi xatolarga yo‘l qo‘yish ehtimoli kamaydi. 

Markaz xodimlari tomonidan test sinovlarining tartibli, yuqori saviyada, belgilangan talab va me'yorlarga rioya etgan holda o‘tkazilishini ta'minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Belgilangan bino va auditoriyalar kerakli jihoz va uskunalar, o‘quv vositalari bilan ta'minlanib, shay holatga keltirildi. Fanlar bo‘yicha test topshiriqlari shakllantirildi va yuqori malakali mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi.

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilda mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga 605 ming 836 abituriyent hujjat topshirdi. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 543 ming 131 nafarni tashkil etgan edi.


Top