17:07 / 07.08.2015
6056

O‘zbek imomlari Novosibirsk shahri bosh imom-xatibi bilan uchrashdi

Avval xabar berganimizdek, imom-xatiblarimizdan to‘rt nafari Rossiya musulmonlari idorasi mas'ullari bilan birgalikda, Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahriga safar qilgandi.


Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li mazkur delegatsiya a'zosi sifatida turli ma'rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlarda ishtirok etmoqda.
Kuni kecha delegatsiya a'zolari Novosibirsk shahri bosh imom-xatibi Salim Shakirzyanovning huzurida bo‘ldilar. Muftiy hazratlari imom xatiblarimizga tashriflaridan minnatdor ekanliklarini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishida bunday sa'yi harakatlar muhim ahamityaga egaligi, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy Usmonxon Alimov boshchiligidagi barcha mas'ul insonlarga dinimiz va yurtimiz rivoji yo‘lidagi mehnatlariga o‘z tashakkurini izhor etdi.


Muftiy hazratlari suhbat davomida turli yot oqimlardan ogoh bo‘lish, yurtdoshlarimizning ularni tuzoqlariga ilinmasligi uchun imom xatiblarning doimo sergak bo‘lishi, aqidaparast oqimlarning da'vatlari, axborot xurujlariga qarshi tezkor chora tadbirlar ko‘rish bugungi kun talabi ekanligini ta'kidladi.


Delegatsiya a'zolari uchrashuv doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, islomshunos olim Aydarbek Tulepovning “Smuta IGIL” va “Internetga in qurgan o‘rgimchaklar” nomli kitoblari imom xatiblarimiz tomonidan muftiy hazratlariga taqdim etildi. Muftiy hazratlari mazkur adabiyotlarni mazmun - mohiyatiga yuqori baho berib, diniy ekstirimistik g‘oyalarga qarshi kurashishda samarali vosita bo‘lishini e'tirof etdi.


Shundan so‘ng, imom xatiblarimiz ishtirokida peshin namozi ado etildi. Namozdan so‘ng, davlat rahbarlari xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti haqlariga, ularning mamlakatimizda amalga oshirayotgan ulkan bunyodkorik ishlarida, tinchlikni asrash, musulmonlarning emin-erkin ibodat qilishlari yo‘lidagi sa'yi harakatlarida tani sihatlik, ulkan muvafaqiyatlar yor bo‘lishini so‘rab, duo qilindi. Shuningdek, jamoat duosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov boshchiligidagi ulamolarimizning dinimiz rivoji yo‘lidagi mehnatlariga ajru savob nasib etilishi zikr qilindi.
Delegatsiya safari davom etmoqda.

“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati / muxlis.uz

Top