20:56 / 09.08.2015
4941

OAV: mashinalarning uylar oldida betartib qo‘yib ketilishi tez yordam ishiga xalaqit bermoqda

Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar ostida shu yerda yashovchi odamlarning mashinalari betartib qo‘yib ketilishi tez yordam hamda o‘t o‘chirish mashinalarining ishiga jiddiy xalaqit bermoqda. Uy ostida mashinalarning to‘lib ketishi natijasida tez yordam mashinasi ba'zan o‘z vaqtida og‘ir ahvoldagi mijozning uyiga yetib bora olmayapti, o‘t o‘chirish mashinalari esa yong‘in avj olgan joyga qadar kirib bora olmayapti, buning natijasida yong‘in oqibatlari yanada ayanchli bo‘lmoqda.
“Yoshligimda, tez tibbiy yordamda ishlaganimda, ko‘chalar bo‘sh edi. Biz kerakli manzilga hech qanday qiyinchiliksiz yetib borar edik, ammo hozir hammasi o‘zgargan, – dedi shifokor Rustam Karimov “Pravda Vostoka” gazetasi muxbiriga. – Ilgari bitta mahallada bitta yoki ikkita avtomobil bo‘lsa, hozir ularning soni bir necha barobarga ko‘payib ketdi. Bir tomondan bu yaxshi – aholining turmush tarzi yaxshilanib bormoqda. Boshqa tomondan esa, gaz chiqitlari ko‘paymoqda, ular esa turli xastaliklarni keltirib chiqaradi. Bilamizki, ko‘pgina mashinalar gazda yuradi, bu esa nafas yo‘llari xastaligiga olib keladi”.
Maxsus yaratilgan avtoturargohlar xizmatlaridan hamma ham foylanavermaydi. U yerda mashina qoldirishni ep ko‘rmay, ko‘plar o‘z ulovini uyining ostiga olib kelib qo‘yishni istaydi. Bu esa qo‘shnilarga va davlat xizmatlariga qiyinchiliklar tug‘diradi.

Top