08:01 / 14.08.2015
3464

Balotelli mashg‘ulot chog‘ida maydon markazidan o‘z darvozasiga gol urishi tufayli jamoa ishonchini yo‘qotgan

The Independent nashri Mario Balotellining "Liverpul"dagi muammolari bo‘yicha yangi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Nashrda yozilishicha, italiyalik hujumchi shu yilning mart oyida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar vaqtidagi qiliqlari tufayli jamoa ishonchini yo‘qotgan.

Ma'lum bo‘lishicha, mashg‘ulotlarning birida murabbiy Kolin Pasko o‘yinchilarni o‘rtaga yiqqan. Shunda Balotelli Paskoning so‘zini bo‘lib, butun mavsumni jarohatda o‘tkazgan, 20-30 yard masofada oqsoqlanib kelayotgan Jon Flanaganga qichqirgan. Buning uchun u muddatidan oldin kiyinish xonasiga yuborilgan.

O‘sha kuni Balotelli mashg‘ulotdagi 10 ga 10 o‘yinda maydon markazidan o‘z tomonidagi Bred Jons qo‘riqlayotgan darvozaga gol urib, sheriklari va murabbiylarini hayron qoldirgan.

Shundan so‘ng 25 yoshli hujumchi jamoaning "Arsenal"ga qarshi uchrashuviga bormagan va faqat bir oydan so‘nggina zayavkaga qaytgan.

Ma'lumot uchun, Balotelli o‘tgan mavsumda "Liverpul" safida 16ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol va bitta golli pas muallifiga aylandi. U ko‘pincha zaxiradan o‘yinlarga qo‘shilgani uchun o‘rtacha o‘yin vaqti 59 daqiqani tashkil etadi.

Top