18:48 / 14.08.2015
5178

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi keyingi 6 yil ichida 3 barobar o‘sdi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yilligi bayrami munosabati bilan O‘zA muxbiri Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbatlashdi.

Elchining aytishicha, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sarmoyaviy hamkorlik doimiy ravishda o‘sib bormoqda.

"Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston Respublikasini ishonchli sherik, deb biladi. So‘nggi yillarda Xitoy – O‘zbekiston munosabatlari yanada kengayib, yuksak strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Siyosiy muzokaralarni faollashtirish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish o‘zaro munosabatlarimizning ustuvor yo‘nalishlaridir. Hamkorligimiz an'anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonch ruhida, ikki tomonlama manfaatdorlik asosida izchil rivojlanmoqda. Xitoy va O‘zbekiston rahbarlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil avgust oyida Xitoyga davlat tashrifi strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida umumiy qiymati 5,2 milliard AQSh dollari miqdoridagi loyihalar bo‘yicha yigirmadan ziyod hujjat, shuningdek, 800 million dollarlik savdo shartnomalari imzolandi. Shu tariqa 6 milliard dollarga teng kelishuvlarga erishildi. Bu o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu yilning iyul oyida Shanxay hamkorlik tashkilotining Ufa sammiti doirasida ham uchrashdi", deydi Xitoy elchisi.

"Xitoy bilan O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida katta imkoniyatlarga ega. Tomonlar «o‘zaro manfaatdorlik va umumiy muvaffaqiyat» tamoyiliga amal qilgan holda, ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirmoqda. Buning samarasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal sur'atlarda o‘sib bormoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi keyingi 6 yilda 3 barobar ko‘paygani alohida e'tiborga sazovor.

Investitsiyaviy hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Xitoylik ko‘plab ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda, investitsiya kiritish va yangi qo‘shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bugun Xitoy O‘zbekistonning eng yirik investoridir va bu har ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilmoqda", deya qo‘shimcha qiladi elchi.

U shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlikka e'tiborini qaratadi.

"Angren – Pop temir yo‘li, jumladan, Markaziy Osiyodagi eng uzun – 19,2 kilometrlik temir yo‘l tunneli qurilishi kommunikatsiya sohasidagi muhim loyiha hisoblanadi. 2013 yilning iyulida boshlangan mazkur tunnel qurilishi jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda. Tunnel Angren – Pop temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish borasidagi muhim loyiha bo‘lib, bu O‘zbekiston infratuzilmasini modernizatsiya qilishda katta ahamiyatga ega va, umuman, mintaqada transport logistikasini takomillashtirishga xizmat qiladi", Sun Litsze.

Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta'minlashda mamlakatlarimiz uchun o‘ziga xos platforma bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida ham jadal rivojlanayotgani ta'kidlab o‘tilgan.

Top