12:30 / 21.08.2015
5514

Donbassdagi ixtilof O‘zbekiston va Ukraina savdo aylanmasiga ta'sir o‘tkazdi

2015 yil birinchi yarmida O‘zbekiston va Ukraina savdo aylanmasi hajmi 125.67 mln dollarni tashkil qildi, deb yozmoqda "Gazeta.uz". Ukrainaning O‘zbekistonga eksporti shu davr ichida 40 foizga qisqarib, 73.36 mln dollarni tashkil qildi. Ukrainaning O‘zbekistondan importi 7-12 foizga kamayib, 31.15 mln dollarni tashkil qildi.

Bu haqda Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Yuriy Savchenko Toshkentda Ukraina mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasiga Donbassdagi voqealar ta'sir o‘tkazmoqda, – uning so‘zlarini keltiradi “Turkiston-press” axborot agentligi. – Uning 70 foizga kamaygani Donbassdan bu yerga temir armaturasi, O‘zbekiston tog‘-kon kompleksi va neft-gaz sanoati uchun asbob-uskuna kelmayotgani bilan tushuntiriladi”.
Ukraina bilan savdo bo‘yicha O‘zbekiston 2014 yilda dunyo mamlakatlari ichida 42, MDH davlatlari ichida 7-o‘rinda turibdi.

Shu bilan birga, Savchenkoning so‘zlariga qaraganda, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini jonlantirish imkoni bor, negaki ukrainalik biznesmenlar an'anaviy bozorlar o‘rniga yangilarini qidirmoqda. Ayni vaziyatda Ukraina o‘z mahsulot va xizmatlarini minimal narxlarda taqdim etishga tayyor. Shuningdek, mamlakat hududida qo‘shma ishlab chiqarishlar tashkil etish mumkin.

Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni jonlantirishda Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasida aviaaloqaning tiklanganishi muhim o‘rin tutishi mumkin. Ayni kunlarda Ukraina bosh vazirining o‘rinbosari mamlakatning aviatsion ma'muriyatiga O‘zbekiston bilan havo aloqalarini tiklash borasida tegishli ko‘rsatmalar bergan.

Top