15:49 / 21.08.2015
11045

Ekspert: Toshkent viloyatida suv tanqisligi kelib chiqishi mumkin

Ayni kunlarda Toshkent viloyatida suv tanqisligi muammosi mavjud emas, lekin bunday holat yaqin istiqbolda kelib chiqishi mumkin. Bu haqda Gidrometereologiya ilmiy-tadqiqot instituti atrof muhit ifloslanishini tadqiq etish bo‘limi katta ilmiy xodimi Iroda Roziqova ma'lum qildi.

“Toshkent hududida hali suv tanqisligi sezilmaydi, ammo bunday vaziyat kelib chiqishi mumkin, agar suvni tejashni hozir o‘rganmasak, bu inqirozni tezlashtirgan bo‘lamiz”, – dedi u “Novosti Uzbekistana” nashriga bergan intervyusida.

“Bu unchalik qiyin emas, – so‘zida davom etdi ekspert. – yo‘llar bo‘yidagi favvorachalar sonini kamaytirish yoki hech bo‘lmasa sug‘orish tugashi bilan ularni o‘chirish, piyodalar yo‘lini botqoqqa aylantirmaslik... Bir gazetada ko‘zim tushgan edi, ispaniyaliklar sug‘orish ishlarida qayta ishlangan suvdan foydalanar ekan, oshxonadan, hammomdan chiqadigan...”.

Bundan tashqari, Roziqova qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini oshirish mumkinligini ta'kidlab o‘tdi: “Bizda ham ayrim aqlli fermerlar va irrigatorlar, asosan Farg‘ona vodiysida, sug‘orishda bir suvni qayta-qayta ishlatishadi. Ular tomchilab sug‘orish usuli bilan suvni qayta ishlash tajribalari haqida gapirib berishgan edi. Ishlatilgan suv to‘planadi, tozalanadi va yana qo‘llanadi – suv iste'molining yopiq tizimi yuzaga keladi”.

Top