07:52 / 21.08.2015
3869

Hillari Klintonning reytingi 14 yil ichida antirekord o‘rnatdi

AQSh aholisining yarmidan ko‘pi AQSh prezidenti lavozimiga saylovlarda ishtirok etayotgan Hillari Klinton haqida salbiy fikr bildirmoqdalar. Bundan CNN telekanali va ORC International marketing kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari darak bermoqda.  

Klintonning reytingi bunday past ko‘rsatkichlarga 2001 yildan beri ilk bor erishdi. Klintonga qarshi e'tiroz uning partiyadoshlari orasida ham, fuqarolar orasida ham kuchayib bormoqda. Iyul oyida siyosatchidan norozilar mamlakat aholisining 48 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, bir oydan keyin bu ko‘rsatkich 53 foizga yetdi.  

Saylovchilarning yarmidan kamrog‘i – 47 foiz demokratlar uning praymerizda ham muvaffaqiyatga erishishini istamoqda, vaholanki iyulda bu ko‘rsatkich 56 foiz bo‘lgan. Uning kuchli jihati tashqi siyosat bo‘lib qolmoqda (demokratlar orasida 61 foiz).  

Bu orada Klintonning partiyadoshlari orasidan asosiy raqibi Berni Sandersning mashhurligi oshib bormoqda. Vermont shtatidan vakillik qiluvchi senatorni demokratlarning 29 foizi qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Mutaxassislarning fikricha, Klinton reytingining pasayishiga borgan sari ko‘pchilik amerikaliklar uning davlat kotibi bo‘lib ishlagan paytida ishchi yozishmalar uchun o‘z elektron pochtasidan foydalanganini tanqid qilayotganlari sabab bo‘lmoqda.

Biroq Klinton hali ham respublikachi nomzodlarga nisbatan aholining ko‘proq qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lmoqda. Klinton respublikachilar orasidagi eng ommabop nomzod Donald Trampdan 6 foizga oldinda bormoqda.  

Ushbu so‘rovnoma 19 avgustda o‘tkazilib, unda 1001 kishi ishtirok etdi.

Top