09:57 / 21.08.2015
7725

Kim Chen In KXDR qurolli kuchlarini to‘liq jangovar tayyorgarlik ko‘rishga buyruq berdi

Koreys xalq armiyasi KXDR yetakchisi Kim Chen Indan qurolli kuchlarni taktik bosqinchilik uchun to‘liq jangovar tayyorgarlik ko‘rish haqidagi buyruqni qabul qilib oldi, deya xabar bermoqda “Yonxap”.

Bundan avvalroq esa KXDR Janubiy Koreyaga agarda qurolsizlantirilgan hududda tashviqot kampaniyasini to‘xtatmasa, harbiy harakatlarni boshlashi haqida ultimatum jo‘natgan edi.

“Shimol agarda janub Pxeyanga qarshi psixologik eshittirishlar uzatishni to‘xtatmasa va barcha zarur uskunalarni payshanba (20 avgust) 17:00dan boshlab 48 soat ichida olib tashlamasa, harbiy harakatlarni boshlash bilan tahdid solmoqda”, – deyiladi Janubiy Koreya vazirligi xabarida.

Janub OAVlarining xabar qilishicha, ultimatum KXDR Janubiy Koreya hududini o‘qqa tutganidan bir soat o‘tib e'lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 10 avgust kuni Janubiy Koreya 11 yil ichida ilk bor qurolsizlantirilgan hududda tashviqot olib boriluvchi ovoz kuchaytirgichlar ishini qayta boshlagan edi.

Bunday qarorga esa qurolsizlantirilgan hududda ikki janub askari minaga duch kelib, jarohat olganidan so‘ng kelingan edi. Seul Pxenyanni qurolsizlantirilgan hududni minalashtirganlikda aybladi, o‘z navbatida KXDR ushbu ayblovlarni rad etdi.

Top