10:19 / 22.08.2015
19307

Toshkent-Samarqand-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha Talgo poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi

2015 yilda O‘zbekiston Mustaqilligining 24 yilligi temir yo‘l sohasida yana bir tarixiy voqea bilan esda qoladigan bo‘ldi.

To‘rt yil avval Mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda hozirgi kunda yagona bo‘lgan Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha “Afrosiyob” tezyurar poyezdi ishga tushirilgan edi.

Shu kunlarda temir yo‘lchilar “Maroqand-Qarshi” temir yo‘lida qurilish va elektrifikatsiya ishlarini o‘z nihoyasiga yetkazishdi. Bu holat bugun, 2015 yilning 22 avgustida “Afrosiyob” (Talgo) tezyurar poyezdining endilikda yangi yo‘nalish – Toshkent-Samarqand-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha qatnovini amalga oshirish imkonini berdi.

Temir yo‘lning “Maroqand-Qarshi” hududini elektrifikatsiyalash uchun 324,76 mln dollar, jumladan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning shaxsiy mablag‘laridan 110,92 mln dollar, Osiyo rivojlanish banki mablag‘laridan 100 mln dollar va davlat byudjyetidan mablag‘lar ajratildi.

Shundan keyin 2012 yilda temir yo‘lchilar “Maroqand-Qarshi” va “Qarshi-Termiz” hududlarini elektrifikatsiyalash ishlarini boshlab yuborishdi. Deyarli 3,5 yil avval boshlangan loyiha bugunga kelib nihoyasiga yetdi va yangi temir yo‘l mustaqillikning 24 yilligi munosabati bilan foydalanishga topshirilmoqda. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha tezyurar poyezdning ishga tushirilishi o‘zbek xalqi uchun bayramga munosib to‘yona bo‘ldi.

 

Bugungi kunda “Toshkent-Qarshi” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdlar 511 kmlik masofani 6 soatda bosib o‘tadi. Endi 160 km/soat tezlik bilan harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlarida bu yo‘l 3 soatgacha, Xitoydan keltirilgan yo‘lovchi va yuklarni tashishga mo‘ljallangan zamonaviy elektr poyezdlarda esa 4 soatgacha qisqaradi.

“Afrosiyob” poyezdining to‘liq ta'mirdan chiqarilgan “Qarshi” vokzaliga yetib kelishi munosabati bilan tantanali tadbir rejalashtirilgan. Bu tadbirga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqarma va korxonalari rahbarlari, mehnat faxriylari, xorijiy mehmonlar, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti o‘qituvchilari va talabalari, O‘zbekiston televideniyesi xodimlari, jurnalistlar, sportchilar, estrada yulduzlari, taniqli yozuvchi va rassomlar taklif qilingan.

Ayni vaqtda bu yo‘nalishdagi ilk Talgo poyezdi Toshkentdan Qarshiga qarab harakatlanmoqda. Qarshida esa bu poyezdni bayramona kayfiyat bilan kutishmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, may oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” ikkita yangi Talgo poyezdlarini sotib olishi va yangi sotib olinadigan poyezdlar Samarqand yo‘nalishida harakatlanayotganlariga nisbatan ikki vagon uzun bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

Ma'lumot uchun, hozirgi vaqtda ikkita Talgo – Afrosiyob poyezdlari “Toshkent – Samarqand – Toshkent” yo‘nalishida harakat qilmoqda.

Top