20:55 / 25.08.2015
6169

O‘zbekistonda 2018 yildan polivinilxlorid ishlab chiqarish rejalashtirmoqda

2015-2019 yillar uchun tarkibiy islohotlar, modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash chora-tadbirlari dasturiga ko‘ra, O‘zbekistonda polivinilxlorid ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, 2018 yilda 40,8 ming tonna shunday mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 2019 yilda esa bu ko‘rsatkich 90 ming tonnagacha oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ma'lum qilinishicha, "Navoiyazot" AJ va Xitoyning «CAMCE Engineering» kompaniyasi hamkorligidagi qo‘shma majmua polivinilxlorid, metanol va kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Tegishli shartnomaga ko‘ra, yiliga 100 ming tonnagacha polivinilxlorid ishlab chiqarishga erishilmoqchi. Shunindek, ushbu majmua har yili 71,8 ming tonna kaustik soda va 295,4 ming tonna metanol ishlab chiqaradi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu loyihaning amalga oshirilishi uchun jami 501,1 mln dollar miqdoridagi mablag‘ yo‘naltiriladi. Shundan korxonalar ulushi 11,2 mln dollar, O‘zbekiston qayta qurish va taraqqiyoy jamg‘armasi ulushi 66 mln dollar, tijoriy banklar ulushi esa 50,2 mln dollarni tashkil etadi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar tomonidan 373,8 mln dollar ajratiladi.

Top