10:09 / 31.08.2015
2687

Fransiyalik dengizchilar Kale portiga kirishni qayiqlar bilan to‘sib qo‘yishdi

Yakshanba kuni ish tashlash e'lon qilgan fransiyalik dengizchilar Kale portiga kirishni qayiqlari bilan to‘sib qo‘yib, La-Mansh bo‘g‘ozi orqali aloqani qiyinlashtirib qo‘yishdi. France Presse agentligining ma'lum qilishicha, portdan 2 ming yo‘lovchi Duvr tomon yo‘lga chiqa olmayapti, bortida 1.7 ming va 1.5 ming kishi bo‘lgan yana ikkita kema portga kira olmayapti.

Port ma'muriyati vakilining xabar qilishicha, xavfsizlik maqsadida harakat to‘xtatilgan. Kemalarni Fransiyaning boshqa portlariga yo‘llash rejalashtirilmoqda.
Portga kirishni 31 avgust kuni sud qaroriga binoan bankrot deb e'lon qilingan Seafrance kompaniyasi dengizchilari to‘sib qo‘ygan. Ular kompaniyaning raqibi DFDS Seaways’ga sotilishiga qarshi chiqmoqda.

Dengizchilar oldi-sotdi shartnomasi imzolanganidan so‘ng ishsiz qolishdan qo‘rqmoqda. Ilgariroq ular port va La-Mansh ostidagi temir yo‘l tunnelini to‘sib qo‘yishgan edi.

Top