18:29 / 01.09.2015
6743

"IShID" Iroqda 122 nafar a'zosini xiyonatda ayblab qatl etdi

31 avgust kuni Iroqning Naynava viloyatida "IShID" o‘zining 122 nafar jangarisini xiyonatda ayblab, qatl qildi. Bu haqda Kurdiston Demokratik partiyasi vakili Said Mamazuniyga asoslanib, Al Sumaria telekanali xabar tarqatgan.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, "IShID"ning o‘zi tomonidan qatl etilgan mazkur jangarilar to‘ntarishga hamda tashkilot rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyni yo‘q qilishga urinishda ayblangan.

Mamazuniyning qayd etishicha, to‘ntarish 30 avgust kuniga belgilangandi.

"Biroq ikki kun avval hibsga olingan besh nafar jangari fitna rejasini fosh etib qo‘ygan", dedi u.

Natijada 122 nafar jangari, xususan, 18 nafar dala qo‘mondoni Mosul shahri janubidagi qamoqxonada otib tashlangan.

Mamazuniyning so‘zlariga ko‘ra, "IShIDda ichki bo‘linish tobora ochiq ko‘rinib bormoqda".

Ma'lum qilinishicha, tashkilotda pul va boshqa o‘ljalarni bo‘lib olish jarayonidagi muammolar tufayli bungacha ham o‘nlab jangarilar o‘ldirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 31 avgust kuni "IShID" jangarilari Iroqning Naynava viloyatidagi masjidni portlatishgandi.

Top