19:26 / 02.09.2015
2744

Shahrisabzda qo‘riqlash qurilmalari ishlab chiqarilmoqda

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi “MARS Electronics” mas'uliyati cheklangan jamiyatida yangi rusumdagi yong‘inga qarshi hamda elektron qo‘riqlash qurilmalari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Bu haqda telegraf.uz nashri xabar bergan.

Yong‘inga qarshi hamda elektron qo‘riqlash qurilmalari ilgari faqat xorijdan import qilinar hamda korxona ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, montaj qilish va o‘rnatish bilan shug‘ullanardi. 2013-2016 yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish Dasturiga muvofiq mazkur qurilmalarning asosiy qismi “MARS Electronics”ning o‘zida ishlab chiqarila boshlandi. Faqat ba'zi ehtiyot qismlar korxonaning Rossiyadagi rasmiy hamkori - “Sokrat” kompaniyasidan keltirilmoqda. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobidan 25ta yangi ish o‘rni yaratildi.

"Mazkur moslamalarni zamonaviy axborot uzatish texnologiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash mumkin. Shu bilan birga qurilmalar yordamida yuzlab kilometr masofadan turib muayyan obekt haqida to‘liq ma'lumot olib turish imkoni mavjud. Juda yuqori darajadagi sezish qobiliyatiga ega bo‘lgan bunday texnologiyalar hatto qo‘riqlanayotgan xonadon yoki muassasadagi namlik miqdori, harorat, tutun va boshqa belgilar haqida ham alohida axborot berib boradi", deydi korxonaning ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Abdurahmon Abdulhayev.

Ayni paytda korxonada mazkur qurilmalarni dasturlashni ham o‘zlashtirish borasida qizg‘in ish olib borilmoqda. Joriy yil oxirigacha loyihani to‘liq amalga oshirib, keyinchalik nazorat-kassa mashinalari va taksometrlar ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda. Ayni paytda korxonaning Qashqadaryo viloyatidagi 10ta hududida, Surxondaryoning Sherobod tumanida va Toshkent shahrida filiallari mavjud bo‘lib, yilning o‘tgan davri mobaynida ular tomonidan korxona va tashkilotlarga, aholiga 4 milliard 300 million so‘mlikdan ortiq mahsulot yetkazib berildi va xizmatlar ko‘rsatildi.

Qayd etish kerakki, “MARS Electronics” hozircha O‘zbekistonda yong‘inga qarshi hamda elektron qo‘riqlash qurilmalari ishlab chiqarayotgan yagona korxona hisoblanadi.

Top