16:18 / 02.09.2015
2461

Tyantszindagi portlash qurbonlari soni 160 nafarni tashkil etmoqda

12 avgust kuni Xitoyning Tyantszin shahridagi xavfli kimyoviy moddalar omborxonasida ro‘y bergan portlash qurbonlari soni 160 nafarga yetdi, yana 13 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda qutqaruv operatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

Taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, barcha jasad egalarining shaxsi aniqlangan. Mahalliy hukumatning xabar berishicha, halok bo‘lganlarning 96 nafari o‘t o‘chiruvchilar, 11 nafari esa politsiyachilardir. Yana 8 nafar o‘t o‘chiruvchi, bir politsiyachi hamda 5 nafar boshqa shaxslar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida.

Fojia natijasida 800 nafar atrofidagi kishi jarohat olgan, ularning 302 nafari hamon shifoxonalarda qolmoqda. Shundan 14 kishining ahvoli og‘irligi aytilgan. 496 kishi esa davo choralarini olganidan so‘ng tibbiyot muassasalaridan chiqarilgan.

Portlash 2015 yil 12 avgust kuni “Juyxay” logistika kompaniyasi omborxonasida ro‘y bergan edi. To‘lqin zarbidan 2 km radiusdagi binolarning oynalari sinib, 10 mingga yaqin avtomobil yonib ketgan.

Kuchi 3 tonna trotil ekvivalentiga baholangan portlashdan keyin voqea joyida kuchli yong‘in chiqqan. Shundan keyin omborxonada yana bir nechta portlashlar yuz bergan, ulardan eng kuchlisining quvvati 21 tonna trotil portlashiga teng bo‘lgan.

Top