15:57 / 03.09.2015
2841

BMT: 13 million bola urush tufayli maktabga bora olmayapti

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada yashovchi 13 million nafardan ziyod bola qurolli mojarolar sababli maktablariga bora olmayapti. Bu kabi raqamlar chorshanba, 2 sentabr kuni BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan e'lon qilingan hisobotda keltirib o‘tildi, deya xabar tarqatdi TASS.

Bor-yo‘g‘i bir necha yillar muqaddam mintaqa umumiy ta'limni ta'minlash bo‘yicha muhim vazifaga juda yaqin kelib qolgan edi. Bugun esa halokatli vaziyat bilan to‘qnashib turibdi, deya qayd etishdi hujjat mualliflari.

Mazkur mamlakatlarda ta'lim maskanlariga tez-tez uyushtirilayotgan bosqinlarning aksariyati qasddan sodir etilmoqda. Suriya, Iroq, Yaman va Liviyadagi 8850dan ziyod maktablar shikastlangan, to‘liq buzilgan yoki qochqin oilalar uchun boshpanalarga aylantirilgani bois o‘quvchilarni o‘z bag‘riga qabul qila olmaydi. Shuningdek, maktablarning harbiy amaliyotlar obektiga aylanib qolgani to‘g‘risida ham ma'lumotlar mavjud.

O‘z navbatida, maktab o‘qituvchilari ham hayotini saqlab qolish maqsadida olovli nuqtalarni tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. Ota-onalar ham farzandlarining xavfsizligini o‘ylab, ularni maktablarga qo‘yib yuborishdan cho‘chishmoqda. Ayni paytda Iordaniya, Livan va Turkiyada 700 ming nafardan ziyod suriyalik qochqinlarning bolalari mahalliy maktablar to‘lib ketgani sababidangina bilim olish imkonidan mahrum.

Vaziyatni o‘nglash maqsadida turli jamg‘armalar ekspertlari bolalarni o‘z-o‘zini o‘qitish, masofaviy ta'lim va boshqa noformal bilim olish usullariga jalb etish borasida faol ish olib bormoqda. Shuningdek, YUNISEF odamlar, tashkilotlar va mamlakatlarni mojarolar girdobida qolgan davlatlar ta'lim tizimi uchun ko‘proq moddiy ko‘mak ko‘rsatishga chaqirmoqda.

Top