09:54 / 03.09.2015
1903

Oq uy: Xitoy harbiy kemalarining Alyaska qirg‘oqlari yaqinlashuvi AQShga tahdid tug‘dirmaydi

AQSh hukumati Alyaska qirg‘oqlari yaqinidagi Xitoy harbiy kemalari mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirildi, Pentagon ular tomonidan hech qanday tahdid uyg‘otuvchi harakatlar qayd etilmaganini ma'lum qildi. Bu haqda Oq uy vakili Reuters agentligiga chorshanba, 2 sentabrda ma'lum qildi.

Tarixda ilk marotaba Xitoy harbiy kemalari ayni paytda AQSh prezidenti Barak Obama tashrif buyurgan Alyaska qirg‘oqlari yaqinida paydo bo‘ldi. Xitoy harbiy flotining besh kemasi Bering dengizi Aleut orollari hududidagi daxlsiz maydonga kirib keldi, deya Pentagon vakili so‘zlariga asoslangan holda The Wall Street Journal xabar berdi.

Xitoy harbiy kemalari bu hududga Rossiya harbiy floti bilan hamkorlikda o‘tkazgan o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng kirib kelgan. Pentagon vakilining ma'lum qilishicha, Amerika tomoni Xitoy kemalari harakatini kuzatib bormoqda va ular tomonidan hech qanday tahdid kuzatilgani yo‘q.

“Xitoy kemalarining AQSh qirg‘oqlariga bu qadar yaqin kelishi xitoy harbiylari o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish uchun amaliyotlar o‘tkazish sohalarini tezkorlik bilan kengaytirayotganiga aniq misollardan biridir”, – deyiladi maqolada.

Top