11:23 / 06.09.2015
4170

Nyu-Yorkda Buxoro yahudiylari o‘zbek filmlari kechasini o‘tkazdi

O‘zbekiston mustaqilligining 24 yilligi munosabati bilan Nyu-Yorkda O‘zbekistonda ishlangan hujjatli filmlar kechasi o‘tkazildi. U Buxoro yahudiylari yozuvchilari, shoirlari va jurnalistlari ittifoqi tomonidan AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi, “Toshkent” fondi va “Kaykov-Media” telekompaniyasi ko‘magida tashkil etildi. Bu haqda Kultura.uz sayti ma'lumot berdi.
Kechaning faxriy mehmonlari O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi ishchilari bo‘ldi. Kechani ochar ekan, Bukharian Times gazetasi bosh muharriri Rafael Nektalov mehmonlarni O‘zbekistonning oxirgi chorak asrdagi natijalari bilan qisqacha tanishtirdi. U ishtirokchilarni O‘zbekistonning Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.
Shuningdek, tadbir davomida “O‘zbekiston – televideniye vatani” va “Agar sen haq bo‘lsang...” hujjatli filmlari namoyish etildi.


Mehmonlarga, shuningdek, Toshkentda chop etilgan “O‘zbekiston san'at olami” jurnali taqdim etildi.
“Mening uchun O‘zbekiston bilan bog‘liq barcha narsa juda qadrlidir, - dedi Buxoro yahudiylari diasporasi vakili, “Ro‘shnoi” klubi prezidenti Robert Pinxasov. – Ushbu mamlakatda o‘tkazgan kunlarimiz biz uchun unutilmas bo‘ldi. O‘zbek va yahudiy xalqlari bir zaminda 2 ming yil davomida birga yashab kelgan, bu davrda ular do‘stlikni saqlab, madaniyat almashinuvini olib borganlar. Biz bugun mamlakat qanday rivojlanayotganini diqqat bilan kuzatib boramiz va mustaqillik yillaridagi yutuqlardan faxrlanamiz”.
O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsuli Bahodir Ibragimov ham o‘z mamnuniyatini bildirdi: “O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasida ishlaganimda Kiryat-Gat shahrida G‘afur G‘ulom haykalining ochilish marosimida ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘lgan edim. O‘zbekistonga bo‘lgan bunday iliq munosabatni Isroildagi va AQShdagi diasporalaringizda kuzatish mumkin. O‘zbekistonni AQShga tanitish borasidagi ishlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun tashakkur”.

Muallif: Eldor Asanov

Top