17:22 / 07.09.2015
7222

Azamat Abduraimovning to‘yida Malayziya shahzodasi bosh-qosh bo‘lgan

Jurnalistlar o‘zbek futboli o‘tmishidagi yorqin hujumchilardan biri Azamat Abduraimov bilan suhbat uyushtirishdi.

– 1992 yilgi dastlabki O‘zbekiston chempionatida “Navbahor” safida to‘p surgach, Malayziyaga yo‘l olgandingiz…

– O‘zbek futbolining xorijga yo‘l olgan ilk vakillaridan bo‘lgan Saloxo 1993 yil boshida menga telefon qilib, o‘zi to‘p surayotgan Malayziya chempionatining kuchli bir jamoasiga o‘tishga imkoniyat borligini aytdi va men “Paxang” jamoasiga ko‘rikka bordim. Ko‘rik davomida ikkita o‘yin o‘tkazdik. Ikkinchi o‘yin paytida o‘yingohda “Paxang” klubi xo‘jayini, Malayziya shahzodasi Tendku Abdulla xam o‘tirgan ekan. U o‘sha paytda Malayziya futbol federatsiyasining prezidenti ham edi. Uning otasi Paxang sultoni Axmad shoh esa OFK prezidenti lavozimida edi. Qisqasi, shahzoda tashrif buyurgan o‘yinda men bitta gol urdim va unga o‘yinim yoqib qolib, jamoaga olishni buyurdi. Aytish mumkinki, “Paxang” Malayziya o‘lchovida anchayin kuchli va eng boy jamoa edi. Shunday qilib, 1993 yil yanvarda men ular bilan shartnoma imzoladim. Yagona muammo, jamoada mendan boshqa bizning o‘yinchilardan yo‘q edi.

Malayziyani men doim iliq hislar bilan eslayman. Menga klub ajoyib sharoitlar yaratib bergandi. Ikki qavatli uy, mashina…keyinroq esa uylandim. Eng qizig‘i, mening to‘yim ham Malayziyada o‘tgan. Shahzoda mening uylanayotganimni eshitib, menga, “kel, to‘yingning barcha xarajatlarini men ko‘taraman, lekin bitta sharti, to‘yni Malayziyada, mahalliy urf-odatlarga ko‘ra o‘tkazamiz” deb taklif qildi. Men rozi bo‘ldim. To‘yimiz butun Malayziya bo‘ylab shov-shuvga sabab bo‘ladigan tarzda tantanali o‘tdi. Ommaviy axborot vositalari bu xaqdagi xabarlar bilan to‘lib ketdi. Birinchi kuni Paxangning markaziy masjidida nikoh marosimini o‘tkazgan bo‘lsak, ertasiga katta saroyda to‘y tantanasi bo‘lib o‘tdi. Turmush o‘rtog‘im ikkimizga mahalliy kiyimlarni kiydirishdi. Uning boshiga toj, mening boshimga salla kiydirib, zardan tikilgan liboslarga o‘rashdi. Malayziyada shunday bir odat bor ekanki, turmush qurayotgan yoshlar to‘y kuni qirol va qirolicha darajasida bo‘lisharkan. Chunki bu kun ularning eng baxtli kuni deb qabul qilinar ekan. Yana shunday an'ana bor ekanki, to‘y kuni kelin-kuyov yaqinlari, do‘stlari, qarindoshlaridan nimani istashsa, ular yoshlarning istagini bajarishga majbur ekan. Afsuski, bu haqda menga to‘ydan keyin aytib berishgandi, yo‘qsa….(kuladi)

– Sizni ko‘pchilik 1994 yilgi Osiyo o‘yinlarida Koreya darvozasiga urgan golingiz orqali tanishadi…

– Xirosimadagi Osiyo o‘yinlari hayotimda unutilmas voqealardan biri. Esimda, bizga boshda kunlik xarajat pullarini ham berishmagan. Bokschilar, gimnastikachilar bizni mazax qilib, “borib, pullaringni olmaysizlarmi” deb tegajog‘lik qilishardi. Delegatsiya rahbarlariga chiqqanimizda, ular, “biz faqat medallar uchun kurashadigan sportchilarga pul ajratganmiz, sizlarni esa shunchaki odam ko‘paysinga olib kelganmiz, o‘ynab qaytib ketaveringlar” deyishgan. Bu esa jahlimizni chiqargandi va jamoa birlashib, yaxshi o‘yin ko‘rsatishni maqsad qilgandik. Birinchi o‘yindayoq jahon chempionati ishtirokchisi Saudiya Arabistonini 4-1 hisobida yenggandik. Koreya bilan bo‘lgan o‘yinga keladigan bo‘lsak, koreyslar bizdan oldin chorak finalda maydon egalari Yaponiyani yengishgandi. Biz bilan uchrashuvga ular biroz charchagan holatda bo‘lishgan. Bundan tashqari, ular O‘zbekistonni har qanday holatda yengishlariga ishonishgan.

– Koreyaga urgan golingizga kelsak, o‘sha paytda to‘pni ilojsizlikdan tepib yuborganmidingiz yo‘qsa oz bo‘lsada gol urish maqsadi bo‘lganmidi?

– Ilojsizlik degan iborani ishlatish noto‘g‘ri. Biz uchrashuvdan avval Koreyaning o‘yinini tahlil qilib ko‘rib, ular bilan ochiq futbol namoyish etish imkonsizligini anglagandik. Shuning uchun murabbiylar imkon bo‘ldi deguncha uzoqdan zarba berishni uqtirishgan. Men to‘pni raqibdan olib qo‘yib, ikki-uch himoyachini aldab o‘tganman. Darvoza tomon zarba berish uchun imkon tug‘ilgan, men zarba berganman. Yana boshqa bir narsani aytishni xohlardim, zarba berishdan avval ichimdan bir his, bir ovoz “tep, gol bo‘ladi” degandek bo‘lgandi. Buni tasodif ekanini aytmagan bo‘lardim. O‘yindan keyin maydonni tark etarkan, bir tomonda g‘alaba qozonganimizga sevingan bo‘lsam, ikkinchi tomondan maydonda yig‘lab yotgan koreys futbolchilariga rahmim kelgandi.

Finalda Xitoyga qarshi o‘zimizga to‘la ishonch bilan maydonga chiqqanmiz. O‘yin to‘laligicha bizning ssenariy bo‘yicha o‘tgan deya olmayman, lekin juda biz uchun omadli o‘tgan. O‘yin boshidayoq Shkvirin hisobni ochgan bo‘lsa, biroz o‘tgach Lebedev ikkinchi to‘pni kiritgandi. Xitoyliklar ancha o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishgandi. Biroq ular bitta gol urishgach, o‘yin ancha tenglashgandi. Ikkinchi taymga chiqqanimizda gol urish zarurligini sezib turardik. Jarima maydonchasida menga to‘p uzatishganda, ataylab penalti ishlash maqsadida oldinga intildim, chunki himoyachi menga yeta olmayotgani ko‘rinib turardi. To‘pni oldinga tashladim, himoyachi bu paytda meni turtib yubordi. Menga ham aynan shu kerak edi, darrov yiqildim. Penaltidan urgan golimdan keyin, o‘yin taqdiri deyarli hal bo‘lgandi. Bu buyuk g‘alabada hissam borligidan faxrlanaman.

Suhbatdosh Dilmurod JUMABOYeV, “Dunyo o‘zbeklari”

Top