17:30 / 07.09.2015
2727

Pokistondagi 200dan ziyod diniy maktablar hisob raqamlari terrorizmga qarshi kurash doirasida muzlatib qo‘yildi

Pokiston hukumati terrorizmga qarshi kurash doirasida masjidlar qoshida tashkil topgan 211ta diniy maktab (madrasa)ning hisob raqamlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Express Tribune nashri xabar berdi.

Mamlakat IIV xabariga ko‘ra, mazkur islom o‘quv markazlari ro‘yxatdan o‘tish uchun zaruriy talablarni bajarmagan. Shu bois markaziy bank tijoriy banklarga ko‘rsatilgan madrasalarning hisob raqamlarini to‘xtatishga buyruq bergan.

To‘xtatib qo‘yilgan diniy maktablar hisob raqamida 5 mln Pokiston rupiyasi (taxminan 50 ming dollar) saqlanmoqda. Ichki ishlar vazirligi qaroriga ko‘ra, tergov jarayonida xorijdan moliyalashtirilgani aniqlangan 32ta madrasa yopilgan.

Ushbu maktablarning hisob raqamlari mamlakat hukumati tomonidan 2014 yil dekabr oyida qabul qilingan Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy harakat dasturiga xilof tarzda yuritilgani bois IIV qaroriga binoan to‘xtatilgan. Mazkur hujjatda barcha diniy maktablar va islomiy tashkilotlarning majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tishi va provinsiyalar ma'muriyatiga o‘z faoliyati to‘g‘risida muntazam hisobotlar berib borishi belgilangan.

Shuningdek, hujjatda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan diniy ta'lim muassasalari uchun o‘qituvchi kadrlarni tanlash va ularning moliyalashtirilishi mexanizmlari ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilishi qayd etilgan.

Top