17:28 / 08.09.2015
1946

Ispaniya fuqarolik gvardiyasi O‘rta Yer dengizida 300 nafar muhojirni qutqardi

Ispaniya fuqarolik gvardiyasi qutqaruvchilari O‘rta Yer dengizida rosa 300 nafar muhojirni cho‘kib ketishdan saqlab qoldi. Bu haqda Ispaniya qirolligi politsiyasi vakili xabar bergan.

Ma'lum qilinishicha, Ispaniya fuqarolik gvardiyasining harbiy-havo xizmati Sitsiliya orolidan 150 mil janubi-sharqda muhojirlar kemasini aniqlagan.

Kema bortida bolalar va ayollar ham bo‘lgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu kemada turli millatlar vakillari Misrdan Yevropaning janubiy qirg‘oqlariga yetib olish maqsadida yo‘lga chiqishgandi. Ayni vaqtda kemadagilarning barchasi Sitsiliyaga olib borilgan.

Shu tariqa, 7-8 sentabr kunlari davomida O‘rta Yer dengizida qutqarib qolingan muhojirlar soni 700 nafarni tashkil etmoqda.

Ma'lumot uchun, 2015 yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika hududida siyosiy nizolarning kuchayishi tufayli Yevropaga bu hududlardan qochqinlar oqimi keskin ravishda ortdi.

2015 yilning boshidan buyon shu vaqtgacha Yevropaga bu hududlardan jami 351,5 mingdan ortiq muhojir kirib kelgan. Ulardan 200 ming nafarga yaqini O‘rta Yer dengizi orqali suzib o‘tgan. 2015 yilda bu dengizda halok bo‘lgan muhojirlar soni 2,6 ming nafarni tashkil qilmoqda.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, yil oxirigacha 1 yil davomida Yevropaga kelgan muhojirlar soni 1 mln nafargacha yetadi.

Top