07:37 / 08.09.2015
5173

SVO atelesi zirhlangan Range Rover ishlab chiqdi

Jaguar Land Rover alyansining zavod atelesi Special Vehicle Operations (SVO) o‘z tarixidagi ilk zirhlangan Range Rover Sentinel avtomobilini ishlab chiqdi. Yangi avtomobil Autobiography krossoverining top versiyasi negizida yaratildi.

Range Rover Sentinel avtomobili VR8 zirhi bilan ta'minlandi. Bu mashina kuzovi 7.62 kalibrdagi zirhni teshuvchi-yonuvchi o‘qlarning tegishiga bardosh bera oladigan yuqori mustahkamli po‘lat listlar bilan kuchaytirilganini anglatadi.
Bundan tashqari, avtomobilga 15 kg trotil ekvivalentidagi portlashlar ham qo‘rqinchli emas. Mashinaning tagi va tomi DM51 rusumidagi parchalanuvchi nemis granatasining portlashiga bardosh bera oladi.

Modelning standart oynalari ko‘p qatlamli o‘q o‘tmaydigan tonirovka qilingan oynalarga o‘zgartirildi. Yo‘ltanlamas qayta sozlangan podveska, 20 dyuymli g‘ildiraklar diski va Run-Flat texnologiyasidagi pokrishkalar, yong‘inni o‘chirish tizimi, katta sig‘imga ega qo‘shimcha akkumulyator hamda 380 va 365 millimetrli old va orqa tormoz disklari mexanizmlari bilan ta'minlandi.

Avtomobil yordamchi falokat chiqishi bilan jihozlandi – avtomobilning eshiklari ochilmay qolganda haydovchi va yo‘lovchilar uni orqa o‘rindiq ortida joylashgan darcha orqali tark etishlari mumkin.

Range Rover Sentinel 340 ot kuchiga erisha oladigan 3 litrli 6 silindrli benzinli motor bilan jihozlandi. Motor ZF kompaniyasining 8 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan juftlikda ishlaydi.

Avtomobil Londonda 15-18 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Defence and Security Equipment International Show ko‘rgazmasida ilk bor ommaviy ravishda namoyish qilinadi. Yo‘ltanlamaslar Yevropa, Janubiy Amerika, JAR va Yaqin Sharq davlatlarida sotiladi. Mashinaning narxi 400 ming funt sterlingga (610 ming dollarga) yaqinni tashkil qiladi.

Top