00:38 / 09.09.2015
2636

Huawei, Xiaomi, Lenovo kabi kompaniyalarning yangi smartfonlarida virusli dastur aniqlanmoqda

Kiberxavfsizlik bo‘yicha tekshiruvlar olib boradigan G Data nomli Germaniya firmasi o‘tkazgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Xitoyning ko‘plab smartfon ishlab chiqaradigan kompaniyalarining yangi qurilmalarida turli xildagi xavfli dasturlar borligi aniqlandi. Unga ko‘ra, Huawei, Xiaomi, Lenovo, shuningdek, u qadar mashhur bo‘lmagan DJC, Alps, Xido, Concorde va Sesonn kabi kompaniyalarning yangi smartfonlarida virusli dastur o‘rnatilganligi holatlari ko‘p uchramoqda.

Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda har 14 soniya ichida yangi mobil viruslar yaratilmoqda. Ta'kidlash joizki, 2015 yilning 1-choragida yangi qurilmalarda virus dasturlarning aniqlanishi holatlari 25 foizga oshgan.

G Data vakilining ma'lum qilishicha, virusli dasturlar olib-sotar savdogarlar tomonidan o‘rnatilmoqda. Ushbu viruslarni aniqlash borgan sari murakkablashmoqda. Chunki virus Facebook va Google Drive kabi mashhur mobil ilovalar bilan niqoblanmoqda. Ba'zi hollarda ushbu ilovalar smartfonning operatsion tizimiga biriktirilmoqda va ularni o‘chirib tashlash ham foydalanuvchini virusli dasturdan ozod qilmaydi. 

Top