15:26 / 09.09.2015
2055

Shveytsariya O‘zbekistonga yangi elchisini jo‘natdi

2015 yilning 9 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Shveytsariya Konfederatsiyasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Shtefan Klyotslini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matyuuot xizmati xabar bergan.

Elchi ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston-Shveytsariya munosabatlarining dolzarb masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda aloqalarni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

Ta'kidlanganidek, 2014 yilning noyabrida Shveytsariya Konfederatsiyasi prezidenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi Dide Burkxalterning O‘zbekistonga tashrifi hamda Prezident Islom Karimov bilan bo‘lib o‘tgan mufassal muzokaralar oliy darajadagi siyosiy muloqotni mustahkamlash va ikki tomonlama aloqalarga yangi tus berish imkonini yaratdi.

Suhbat chog‘ida muntazam vazirliklararo muloqotlar o‘tkazish amaliyotini davom ettirish, parlamentlararo almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat biznes doirasi vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar ham muhokama qilindi.

Top