10:15 / 09.09.2015
3224

Tojikiston sharqida 7 jangari qo‘lga olindi

Tojikiston sharqida general Abduhalim Nazarzodaning yetti nafar tarafdori qo‘lga olindi, yana bir jangari yo‘q qilindi, deya xabar bermoqda “Interfaks” agentligi mamlakat qurolli kuchlar tizimidagi axborot manbasiga asoslangan holda.

Ayni paytda poytaxt Dushanbe shahridan 150 kilometr masofadagi Ramit darasida maxsus amaliyotlar davom ettirilmoqda.

Axborot manbasining ma'lum qilishicha, ayni paytda qo‘lga olingan general tarafdorlari soni 72 nafarga yetdi.

Seshanba, 8 sentabr kuni Tojikiston bosh prokuraturasi Nazarzodaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atib, unga sirtdan davlat tuzumini o‘zgartirish, terrorizm, qo‘poruvchilik va ekstremistik tuzilma tashkil etganlik ayblari qo‘yildi. Shuningdek, 4 sentabrga qadar Tojikiston Mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan ayblanuvchining mol-mulklarini ro‘yxatga olish boshlandi.

Mamlakat IIV ma'lumotlariga ko‘ra, 4 sentabr kuni Dushanbe va poytaxtga tutash Vahdat tumanida militsiya bo‘linmalariga uyushtirilgan hujumlar natijasida 4 nafar militsiya xodimi va 4 OMON jangchisi halok bo‘lgan edi.

Top