15:00 / 10.09.2015
6201

14 sentabrdan O‘zbekistonda ob-havo keskin sovib, tog‘li hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmat markazining xabar berishicha, keyingi hafta avvalidan O‘zbekistonning aksariyat viloyatlarida kunduzgi ob-havoning darhol 8-10 daraja pasayishi kutilmoqda.

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida yog‘ingarchiliklarsiz o‘zgaruvchan ob-havo kuzatiladi. Sharqdan g‘arbga qarab soniyasiga 7-12 metr tezlikda shamol esadi, 12-13 sentabr kunlari esa joylarda shamol tezligi soniyasiga 15-20 metr tezlikkacha ko‘tariladi.

11-13 sentabr kunlari harorat kechasi 13-18 daraja, kunduzi 30-35 daraja atrofida bo‘ladi. 14 sentabrdan boshlab kechki ob-havo ko‘rsatkichi 10-15 darajagacha yetsa, kunduz kuni 22-27 darajaga qadar ko‘tariladi.

Qashqadaryo va Surxondaryoda 11-13 sentyab kunlari ob-havo kunduzi 33-38 daraja atrofida bo‘lsa, 14 sentabrdan 25-30 darajaga qadar pastlaydi.

Mamlakatimiz shimoli — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida kunduzgi harorat 30-35 darajadan 20-25 darajaga pastlaydi. Kechasi esa 10-15 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Respublikamizning tog‘li hududlarida oz miqdorda yomg‘ir yog‘ishi mumkin, 11-12 sentabrda harorat 20-25 daraja atrofida bo‘lsa, 13-14 sentabr kunlari 15-20 darajaga tushadi. Kechasi esa 7-12 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.

Top