16:10 / 10.09.2015
1865

Joriy yilda 300 ming 372 nafar bola oromgohlarda sog‘lomlashtirildi

Bu yilgi mavsumda respublika miqyosida 1167 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi (2014 yilda 1099 ta), shu jumladan, 213 ta statsionar turidagi va 795 ta kunduzgi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hamda 141 ta mehnat va dam oldirish oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularda 300 ming 372 nafar bola sog‘lomlashtirildi.

Joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Namangan viloyatida «Norin», Samarqand viloyatida “Chorchinor”, Qashqadaryo viloyatida Mirzo Ulug‘bek nomli, Surxondaryo viloyatida “Xonjiza” nomli bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari qurilib, foydalanishga topshirildi. 49 ta oromgohda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilib, shundan, 5 ta oromgohni yangidan qurish, 14 tasini rekonstruksiya qilish va 30 ta bolalar dam olish maskanini kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.

Joriy yilda 261 ta ixtisoslashtirilgan oromgohlar faoliyat ko‘rsatdi. “Intellektual rivojlantirish”, “Harbiy sport”, o‘smir yoshdagi bolalar uchun “Mehnat va dam oldirish”, “Ekologik-biologik”, “Ijtimoiy moslashuv”, “O‘lkashunoslik”, “Texnik ijodkorlik”, “Badiiy ijodiyot” yo‘nalishlaridagi oromgohlar tashkil etildi.

Bu yil ham ijtimoiy himoyatalab oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash izchil davom ettirildi. Xususan, davlatimiz g‘amxo‘rligi ostida Orolbo‘yi mintaqasidan 4 ming 960 nafar bola Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi so‘lim oromgohlarda bepul dam oldirildi. Kasaba uyushmalari tomonidan 53 ming nafardan ortiq bolalar jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali bepul va imtiyozli dam oldirildi, Mehribonlik uylarining 2 ming 797 nafar tarbiyalanuvchilari hamda 50 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar bepul yo‘llanma bilan ta'minlandi. Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanidan kam ta'minlangan oilalarning 100 nafar farzandi bepul sog‘lomlashtirildi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining matbuot xizmati ma'lum qildi.

Top