12:24 / 10.09.2015
8542

Oq uy: AQSh Rossiyaning Suriyaga harbiy yordam berishidan norozi

Oq uy matbuot xizmati vakili Erik Shultsning ma'lum qilishicha, AQSh Rossiya tomonidan terrorizmga qarshi faol ravishda kurash olib borilishini ma'qullaydi, lekin bu davlatning Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llashini va Suriyaga qurol yetkazib berilishini yoqlamaydi.

"Biz Rossiya bilan IShID jangarilariga qarshi hamkorlikda harakat qilishga tayyormiz. Lekin biz Rossiya tomonidan Suriya hukumatiga qurol yetkazib berilishini to‘g‘ri yo‘l deb hisoblamaymiz", deydi Shults.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomonidan Suriyaga harbiy qurollar va texnikalar yuborilayotgani haqidagi xabarlar AQShni qattiq xavotirga solgan.

Biroz oldinroq, Rossiya Suriyaga jo‘natgan 2ta kemada harbiylar bo‘linmasi va qurollar olib ketilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Shuningdek, AQSh tomoni Suriyaning Latakiya porti yaqinida aerodrom tayyorlayotganidan xabardor etayotgani aytilgan.

Bundan oldinroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova The New York Times nashriga bergan intervyusida AQSh va Yevropada, Suriya prezidenti Bashar Asad iste'foga chiqqan taqdirda ham, mamlakatda tinchlik o‘rnatish uchun hech qanday rejalar yo‘qligini ma'lum qilgandi.

Top