09:33 / 10.09.2015
2703

SWARCO O‘zbekistonda yo‘l usti chiziqlari uchun bo‘yoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

“O‘zavtoyo‘l” DAK rahbariyati bilan Avstriyaning “SWARCO” korporatsiyasi kuzatuv kengashi a'zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda kelgusida yo‘l xo‘jaligi sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Xorijiy delegatsiya rahbari, “SWARCO” korporatsiyasi kuzatuv kengashining a'zosi Aleksandr Svarovskining ta'kidlashicha, korporatsiya intellektual transport boshqaruvi tizimlari ishlab chiqarish va uni amaliyotga joriy etishda jahonda ko‘zga ko‘ringan kompaniyalardan sanaladi. Kompaniya yo‘l usti chiziqlari uchun bo‘yoqlar, svetodiod mahsulotlar ishlab chiqarishda, shuningdek, yo‘l harakatini intellektual boshqarish tizimlarini amaliyotga joriy etishda anchagina tajribaga ega.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish mumkinki, korporatsiya jahonning 20ta davlatida 80dan ortiq kompaniyalarga ega. “SWARCO”ning yo‘l harakatini boshqarish tizimlari Yevropaning Budapesht, Berlin, Stokgolm va boshqa yirik shaharlarida amaliyotga joriy qilingan va o‘zini oqlagan.

“O‘zavtoyo‘l” kompaniyasi boshqaruvi raisi A.Abduvaliyev o‘z so‘zida bu kabi amaliy uchrashuvlar foydadan xoli emasligini ta'kidladi. Uchrashuv davomida “O‘zavtoyo‘l” DAK rahbariyati tomonidan respublikadagi yo‘l usti chiziqlari uchun bo‘yoq mahsulotlari va o‘zidan yorug‘lik chiqaradigan yo‘l belgilari sifatini yanada yaxshilash, shuningdek, bu kabi mahsulotlarni keng miqyosda ishlab chiqarishga ehtiyoj borgan sari ortib borayotganini inobatga olgan holda, shu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar barpo etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Tomonlar hamkorlik masalalarini istiqbolda ham muhokama qilishga tayyor ekanliklarini ma'lum qilishdi.

Top