09:06 / 11.09.2015
5077

Amerikalik yigit 11 sentabr hodisalari munosabati bilan kastryulka yordamida terakt sodir qilishni rejalashtirdi

AQSh politsiyasi Florida shtatida yashovchi 20 yoshli Josh Goldbergni Missuri shtati Kanzas-Siti shahrida terakt tayyorlayotganlikda gumon qilib qo‘lga oldi. Bu haqda Amerika adliya departamenti rasmiy saytida ma'lum qilindi.

Yigitcha terakt tashkil qilish maqsadida tez qaynatar qozon (kastryulka)da shikast yetkazuvchi moddalar yordamida portlovchi qurilma tayyorlashning aniq qo‘llanmasini so‘rab o‘zi bilmagan holda Federal qidiruv byurosi agenti bilan bog‘langan. Goldberg teraktni 2001 yilning 11 sentabr kunidagi teraktlarning 14 yilligiga bag‘ishlab tashkil etiluvchi xotira masrosimi bo‘lib o‘tadigan joy yaqinida amalga oshirishni rejalashtirgan.

Qayd etilishicha, Goldberg IShID guruhiga moyil bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu haqda fikr bildirgan. Aybini tan olgan taqdirda, u 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bundan roppa-rosa 14 yil muqaddam — 2001 yil 11 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:46 da ekstremistlar tomonidan olib qochilgan samolyotlardan biri Jahon savdo markazining Shimoliy minorasiga borib urilgan edi. Shu kuni AQSh mudofaa vazirligining qarorgohi ham terrorchilarning nishonlaridan biriga aylangandi.
Qo‘poruvchilik harakatlari natijasida 2974 kishi (terrorchilardan tashqari) halok bo‘lgan, 24 nafari bedarak yo‘qolgan. Ushbu fojiada AQSh va yana 91 ta mamlakat fuqarolari halok bo‘lgan.

Top