15:14 / 11.09.2015
1952

«Rubin» bosh murabbiy Rinat Bilyaletdinov bilan shartnomani bekor qildi

Rossiyaning «Rubin» klubi Bosh direktori Ilgiz Faxriyev jamoa bosh murabbiyi Rinat Bilyaletdinov bilan shartnoma bekor qilinganini ma'lum qildi. Bu haqda qozonliklar rasmiy sayti xabar tarqatgan.

«Bosh murabbiy bilan tuzilgan shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuvi bilan bekor qilindi. Hozir u Qozonda emas. Bosh murabbiy yordamchisi Yevgeniy Bondarenko yoshlar jamoasi murabbiyligiga o‘tkazildi. Klubda boshqa o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q», - deya Faxriyevning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «Rubin» matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoani vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida Valeriy Chaliy boshqarib turadi. Unga Dmitriy Kuznetsov yordamlashadi.

«Rubin» hozirda o‘tkazilgan yetti tur natijalariga ko‘ra uch ochko jamg‘argan holda, turnir jadvalining 15-o‘rnini egallab turibdi.

Rinat Bilyaletdinov 2014 yilning yanvaridan boshlab qozonliklarni boshqarib kelgan. Avvaliga litsenziyasi yo‘qligi uchun katta murabbiy sifatida qaydnomadan o‘tgan bo‘lsa, 2015 yilning 13 fevralidan bosh murabbiy sifatida ro‘yxatga olingandi.

Top